Qo‘ng’irot tuman Kengashi deputatlari uchun mahalliy Kengashlar faoliyatining rivojlanishi, mahalliy ijro etuvchi va vakillik hokimiyatining bo‘linishi printsipi bo‘yicha konstitutsiyaviy normalarning joriy etilishi hamda sohaga oid islohotlar yuzasidan o‘quv seminari tashkil etildi.
O‘quv seminarda ma’ruza qilgan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi deputati Sh.Utemisov o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rniga, 2024- yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalarining majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarga va bu borada vakillik organlarining roliga to‘xtalib o‘tdi.
Mahalliy Kengashlar va deputatlar faoliyatini samarali tashkil etish, xususan, Kengashlarning norma ijodkorligiga oid faoliyatini takomillashtirish, qaror qabul qilishda qonuniylikni ta’minlash, nazorat-tahlil faoliyatini kuchaytirish, uning ta’sirchanligini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirishda deputatlarning faol ishtirokini ta’minlash, aholi muammolarini o‘rganish va hal etishda “mahalla yettiligi” hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Shuningdek, seminarda mahalliy byudjetning, hududlarni rivojlantirish dasturlarining bajarilishini nazorat qilish, qonunlar ijrosini ta’minlash hamda ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitishning ta’sirchan mexanizmlarini tatbiq etish masalalariga urg’u berildi. Seminar ishtirokchilari o’zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.