2022 yilda nechta qonun qabul qilindi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022 yildagi faoliyati sarhisob qilinar ekan, o‘tgan yilda qabul qilingan qonunlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davrda 88 ta qonun, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalasiga oid Qonunchilik palatasining 3 ta qarori qabul qilinib, ma’qullash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborildi.

Xususan, butun bir sohani tartibga soluvchi, davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, xalqimiz farovonligini oshirishga, aholiga yengilliklar yaratishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan bir qator yirik qonunlar qabul qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi, «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi, «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi, «Reklama to‘g‘risida»gi, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi, «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi, «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi, «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi, «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

Parlament quyi palatasining qonun ijodkorligi borasidagi faoliyati avvalgi yillar bilan solishtiriladigan bo‘lsa, 2020 yilda 72 ta, 2021 yilda 96 ta qonun qabul qilinganini ko‘rish mumkin. Eng muhimi, qabul qilinayotgan qonunlar mamlakatimiz rivojini ta’minlashga, xalqimizga qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilsin.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA

Skip to content