Eng buyuk ishq – asli qalblar titrog‘i…

“So‘zda sehr bor”, deyishadi. Aslida ham shunday, sizga nimadir uqtirayotgan odam zo‘r berib uni tushuntirishga, fikrlarini ifodalashga intiladi. Agar u she’r shaklida bo‘lsa-chi? Aslida shoirlar she’rni sizga tushuntirib berish uchun yozishmaydi. Ijodkor qalbidan to‘kilgan satrlar so‘z orqali sizni sehrlayotganini sezmaysiz. Ular shunchaki tizilgan so‘zlar emas, u shoir qalbining nolalarini, yoniq tuyg‘ularini ifodalaydi.

Xayrulla Xolto‘rayevning yakunlangan yilda chop etilgan «Ko‘ngil ko‘zgusi» kitobini o‘qib, birinchi marotaba ko‘ngildan o‘ylar kechadi. Kitobning nomi ramziy, ko‘zgu orqali ko‘ngilni kuzatasiz. Shoir qalbga murojaatni chiroyli ta’riflagan.

Xazonlar to‘kilib boryapti, lahzada  

Lahzada, ayb yo‘q, lahzada yashang,  

Lahzada ro‘y berar buyuk, fojia,  

Lahzada o‘zgaring, dilga yo‘l boshlang.  

Yana birida oddiygina zarra dunyoni o‘zgartirib yuborishiga ishora bor:  

Bir zarra kuyidan to‘lg‘anar falak,  

Bir zarra kuyidan o‘zgarar osmon.  

Bir zarra kuyidan olamda hadik,  

Bir zarra kuyidan bo‘zlar olomon, deya yozadi,  

Shoirning lirik qahramoni qalb hayqirig‘idan sarmast, mayparast olov bo‘lib yonyapti, uni Haqning so‘rog‘i savolga tutmoqda.

Bu – men, mayparastman, ey, ruhi jonon,  

Giryona aylanar Haqning so‘rog‘i.  

Olam nigohida qaralar hayron, 

Eng buyuk ishq asli qalblar titrog‘i.  

Kitobdan o‘rin olgan she’rlarning ko‘pchiligida an’anaviy, baxshiyona ohanglar ham bor. Buning sababini uning Boysun tuprog‘ida tug‘ilib o‘sgani-yu, bolaligidan baxshiyona ohanglar, Boysun ijodiy muhitidan ta’sirlanganidan, deyish mumkin.

Uyg‘on, ay ming yillik chaqinlar,  

Dilimga gil kabi yaqinlar,  

So‘z aytgan tilingda oqinlar, 

Ey, keskir tilima, tilima, 

Ey, ko‘ksi osmonim – elima!  

Bir she’rida qaytib kelmas bolalik damlarini eslaydi. U sevimli shoirimiz Sirojiddin Sayyidning “Teskariga oqqan daryolar qaytdi, bolalik qaytmadi, qaytmadi” degan satrlarini yodga soladi.

Nazar solgin ay-ko‘nglim-ay, xazonlarga, 

Qaytib kelmas to‘zonlarga, to‘fonlarga,  

Moviy osmon ko‘k gumbazli tomonlarga,  

Oyday to‘lin osmon edi o‘shal damlar!  

Oyday to‘lin osmon edi o‘shal damlar!  

Xayrulla Xolto‘rayev – boshlovchi ijodkor. She’riyat dunyosidan tinimsiz bahramand bo‘lsa, hali yaxshi asarlar bitishi ko‘rinib turibdi. Boisi, she’rlarida oliftagarchilikka monand, so‘z tizishlar, ortiqcha chiranish yo‘q.

Kitobga filologiya fanlari nomzodi Olim Toshboyev so‘z boshi yozgan. Balandparvozlikdan xoli, samimiy ijod yo‘liga intilayotgan shoir o‘z “meni”ni yarata oladi.

O‘ljaboy Qarshiboy

Skip to content