O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevral kuni “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-18-sonli Farmonining mazmun mohiyatini tushintirish maqsadida “bir piyola choy ustida” davra suhbati tashkil etildi.
Uchrashuvga nuroniy dehqonlar, fermerlar, tomorqachilar, yoshlar va yosh dehqonlar, eksportyorlar, kooperatsiyalar vakillari hamda agregatorlar qatnashdi.
Uchrashuv boshida tuman hokimi Bekzod Madaminov so‘zga chiqib, Davlatimiz Rahbari Sh.M.Mirziyoyev tomonidan qishloq xo‘jaligida olib borayotgan islohotlariga to‘xtalib, islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz tomonidan yaqinda qabul qilingan PF-18-sonli Farmonning mazmun mohiyatini tushuntirdi.
Xususan, Farmon bilan joriy etilayotgan yer ajratish va yerdan foydalanishdagi yangi imtiyozlar, yer uchastkalarining pasaytirilgan narxda auksion savdolariga chiqarilishi, ijara muddatining uzaytirilishi, suv ta’minotining kafolatlanishi, ekinlarni mustaqil joylashtirish huquqi kabi bir qanchayangi tartiblar, shuningdek, ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining huquq va majburiyatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Davra suhbatida nuroniy dehqonlar, fermerlar, yosh dehqonlar hamda soha mutaxasislarining fikrlari eshitildi. Ishtirokchilar Farmon bilan o‘rnatilayotgan yangi tartiblar, yengilliklar va imtiyozlarni ko‘tarinki kayfiyat bilan qabul qildi, ayrim dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan tomorqachilar, yoshlar shu yerning o‘zida yangi tartib asosida auksionga chiqarilgan yer uchastkalari savdosida ishtirok etishini bildirdi.
Ma’lumot uchun: Farmon bilan quyidagi yangi tartiblar va yengilliklar joriy etilmoqda:
Yerlar konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimini buzmagan holda, 3 gektardan 50 gektargacha o‘lchamda savdoga chiqariladi;
Har bir lot hujjatida yerning normativ qiymati, bonitet bali, tuproq tarkibi va sifati tahlili natijalari, almashlab ekish tavsiya etiladigan asosiy va takroriy ekin turlari ko‘rsatiladi;
Ijara muddati 49 yil va undan keyin ham uzaytirish imkoniyati mavjud (avvalgi tartib bo‘yicha 30 yil edi);
Auksionda boshqa viloyatdan kelganlar, oldin yer olganlar ham, qo‘shma va xorijiy korxonalar ham cheklovlarsiz ishtirok eta oladi;
Har bir lot uchun suvning yillik eng past va eng yuqori limiti belgilanadi, davlat (Tuman hokimligi, Suv yetkazib berish xizmati) limit doirasida suv yetkazib berishni kafolatlaydi;
G‘olib auksionda aniqlangan narxni 15 kun ichida to‘liq to‘lashi shart (amaldagi tartibda 5 yoki 10-yilga bo‘lib-bo‘lib to‘laydi.
Auksion g‘olibi quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
Ekin turi, navi va hajmini mustaqil belgilash, paxta va g‘allani faqat o‘zi ma’qul deb hisoblagan taqdirdagina yetishtirish;
Ijara huquqini boshqa shaxsga sotish (qayta ijaraga berish), garovga qo‘yish, yerni ikkilamchi ijaraga berish;
Yillik limitlar doirasida kafolatlangan hajmda suv olish;
Dala chetida 20 sotixgacha, lekin konturning 1 foizidan oshmagan qismida yengil konstruksiyali muzlatgichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalarni joylashtirish.
Bugungi kunda mazkur Farmon bilan o‘rnatilgan tartibda Qo‘ng‘irot tumanida jami 501,8 gektar yer uchastkalari “e-auksion” savdo platfopmasida aukcion savdolariga chiqarildi:
«Ádebiyat» ovul fuqarolar yig‘inidan 75,9 gektar, «Órnek» ovul fuqarolar yig‘inidan 157,5 gektar hamda «Xorezm» ovul fuqarolar yig‘inidan 268,4 gektar yer maydonlari “e-auksion” savdolariga chiqarildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘z fikr va mulohazalari, asosli takliflarini aytib o‘tdi.