Yangilangan konstitutsiya.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslari, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishga xizmat qilayotganligi tahsinga sazovor. Shuningdek, yangilangan Konstitutsiya O‘zbekiston uchun hayotiy zarurat bo‘lib, bu mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, so‘nggi olti yilda erishgan yutuqlarimiz, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani, qo‘shnilarimiz bilan oramizdagi “muzlar erigani” va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash, bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish talab etildi. Natijada yangi Konstitutsiyadagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hayotimizning boshqa muhim sohalari va ustuvor yo‘nalishlari qatori faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish, jamoatchilik nazorati institutini yanada rivojlantirishga oid normalar ham kiritilganini ta’kidlash lozim. Bundan ko‘zlangan maqsad, shubhasiz, mamlakatimizda ochiqlik siyosatini davom ettirishdir. Avvalo, Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning XIII bobi «Fuqarolik jamiyati institutlari» deb nomlandi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, Yangi Konstitutsiya orqali har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Yurtimizning insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi huquqiy asoslandi. Xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Qo’ng’irot tumani Adliya bo’limi Davlat xizmatlari markazi bo’lim boshlig’i E. Bekeshov

 

Skip to content