Bugun respublikamizning barcha joylari qatori Qo‘ng‘irot tumani ham ulkan yangilanishlar va o‘zgarishlar makoniga aylanmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Inson manfaatini ta’minlash yo‘nalishidagi bunday ezgu ishlarning misoli sifatida bugun Qo‘ng‘irot tumani hokimligi taklifi bilan Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli tomonidan kapital ta’mirdan chiqarilib foydalanishga topshirilgan Lokomotiv sport kompleksidagi yopiq suzish havzasini misol qilsak arziydi.
Bu ijtimoiy obyektning
keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Qo‘ng‘irot tumani hokimi Bekzod Madaminov so‘zga chiqib, bugungi kunda Prezidentimiz rahbarligida “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida har bir sohada mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish bilan birga, xalqimizni sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ham tegishli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Foydalanishga topshirilgan yopiq basseynda sog‘lom salomatlikni mustahkamlash va mazmunli dam olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Yirik ta’mirlash ishlariga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan ushbu obyekt barcha zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi.
Zamonaviy tusga kirgan yopiq suzish havzasining foydalanishga topshirilishi nafaqat temiryo‘lchilar, balki butun tuman aholisining salomatligini mustahkamlashga, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sportning suzish turini ommalashtirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.