Yurtimizga kirib kelgan bahorning ilk kunlarini yanada fayzli qiladigan Navro‘z shodiyonalari ko‘p millatli Qo‘ng‘irotning barcha hududlarida hukmronlik qilmoqda.
Milliy qadriyatlarimizni, urf-odatlarimizni, taomlarimizni, hunarmandchiligimizni dunyoga tanitishga ishtiyoqmand Qo‘ng‘irotliklar ham Navro‘zni o‘ziga yarasha hashamati, milliy tomoshalari bilan kutib olmoqda. Bayram ishtirokchilari va mehmonlar, keksa va yoshlar milliy taomlar va hunarmandchilik buyumlaridan iborat ko‘rgazmalarni tomosha qildi.
Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan asosiy bayram tadbirida Qo‘ng‘irot tumani hokimi Bekzod Baxodirovich Madaminov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini bayram bilan samimiy tabrikladi.Tumanimizda so‘nggi yillarda erishilayotgan yuqori natijalarga to‘xtalib, bunda tumanimizda yashovchi har bir insonning hissasi borligini ta’kidladi.
“Qadriyatlaring boqiy bo’sin, Navro’z!”nomli musiqiy kompozitsiyadan o‘rin olgan xalqimizga mashhur san’at ustalari ijrosidagi jo‘shqin qo‘shiqlar, kuy-qo‘shiqlar bayram ishtirokchilariga, mehmonlarga olam-olam zavq bag‘ishladi. Navro‘z bayramidan o‘rin olgan polvonlar kurashi, arqon tortish, qo‘chqor urishtirish, kabi milliy sport turlari bo‘yicha bellashuvlarni ham tadbir ishtirokchilari ko‘tarinki kayfiyatda tomosha qilishdi.