Bugun Qo‘ng‘irot tumani hokimligining majlislar zalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev rahbarligida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-465-sonli qarorining mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Qarorga muvofiq, dala chetlariga har yili 1 aprelgacha ekinlar ekilmagan va yil davomida hosil yetishtirilmagan holatlar aniqlansa, barcha ekin maydonlariga uch baravar soliq hisoblanishi, dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga Agroinspektsiya tomonidan BHMning 10 baravarigacha jarima qo‘llanilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga ajratilgan imtiyozli kreditlar to‘xtatilishi qayd etildi. Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.