Qo‘ng‘irot tumani hokimligi majlislar zalida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qo‘ng‘irot tumani kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibida tashkiliy masala va Xalq deputatlari Qo‘ng‘irot tuman Kengashidagi partiya guruhining 2025-yilga mo‘ljallangan Ish rejasini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi. Majlisda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi X.B.Eshimbetov, partiya xodimlari, deputatlar, faollar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qo‘ng‘irot tumani kengashi raisi lavozimiga Elmuratov Botirbay Kuatbaevichni tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. Taklif etilgan nomzod partiya faollari va tuman Kengashining bir qator deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda Elmuratov Botirbay Kuatbayevich – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qo‘ng‘irot tumani kengashi raisi etib tayinlandi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi X.B.Eshimbetov so‘zga chiqib, partiya guruhining Ish rejasiga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar va partiya elektoratiga tegishli masalalar, “Kambag‘allikdan farovonlikka qarab” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatda bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar kiritilganligini ta’kidladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihalari ishlab chiqilganligi va keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinganligini aytib, deputatlar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari va partiya faollaridan 2025-yilgi Davlat dasturi loyihasini muhokama qilishda faol ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirishlarini so‘radi.
Yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar muhokama qilinib, partiyaning tuman kengashi va deputatlar guruhi tomonidan 2025 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.