Aholi ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan taʼminlanadi

“2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-70-son, 30.04.2024-y.) qabul qilindi
Farmonga koʻra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi (Dastur) doirasida, quyidagilar amalga oshiriladi:
— hududlarda 100 mingta kvartiradan iborat boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar quriladi;
— qurilish tashkilotlariga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi;
— koʻp qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari joriy qilinadi;
— ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga kamida 17 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi;
— kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun 120 million soʻmgacha ipoteka kreditlari ajratiladi;
— banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtirish mexanizmlaridan keng foydalaniladi.
Farmonga koʻra, 2024-yil 1-iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:
— ipoteka kreditlari 120 million soʻmgacha miqdorda, 20-yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun ajratiladi;
— ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun – kredit muddatining birinchi 5-yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya toʻlanadi.
Farmonga muvofiq,dastur doirasida subsidiyalar toʻlashning amaldagi tartibiga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritiladi:
— subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2024-yilning 15-mayidan 1-noyabriga qadar qabul qilinadi;
— 2024-yilgi Dastur doirasida ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 12 foizdan oshgan qismiga, 2025-yil va undan keyingi yillar Dasturlari doirasidagi kreditlar boʻyicha esa – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga toʻlanadi;
— birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 2024-yilgi Dasturdan boshlab qatʼiy belgilangan 30 million soʻm miqdorida toʻlanadi.
Farmonga koʻra, Ipotekani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (Jamgʻarma) tashkil etiladi.
2024-yil 1-maydan quyidagi tartiblar oʻrnatiladi:
— birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sugʻurta xavflaridan sugʻurta qilish talabi bekor qilinadi;
— koʻp qavatli uy-joylarni qurish huquqi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “S” va “SS” boʻlgan qurilish tashkilotlariga ham beriladi. Bunda, elektron reyting bahosi “S” boʻlgan tashkilotlarga 5 qavatdan yuqori boʻlmagan, “SS” boʻlgan tashkilotlarga – 9 qavatdan yuqori boʻlmagan uy-joylarni qurishga ruxsat etiladi;
— 2025-yil 1-yanvargacha belgilangan yangi qurilish va maxsus texnikalarning importida bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi;
— “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun byudjetdan 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

— qurilish tashkilotlariga Toshkent shahrida – 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda – 7 va undan yuqori, qishloq joylarda – 5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha 24 oydan ortiq boʻlmagan muddatga “1+1” tamoyili asosida hududlarning toifasidan kelib chiqib kafillik va kompensatsiyalar taqdim etiladi.

 

Skip to content