Yaqinda hurmatli Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog’iston bo‘yicha amalga oshirilgan eng yirik loyihalardan biri bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega A-380 avtomobil yo‘lining “Qo‘ng’irot-Beyneu” oralig’idagi yangi qurilgan 240 kilometri xalqimiz farovonligi uchun foydalanishga topshirilgan edi.
Ushbu avtomobil yo‘li bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2025 yilgi saksovul ekish mavsumi davom etmoqda.
Uzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi 98166 harbiy qism xizmatchilari ham
yurtimiz ekologiyasini yaxshilash yo‘lida o‘zlarining salmoqli hissasini qo‘shmoqda.
Bugungi boshlangan xayrli ishlar doirasida xalqaro avtomobil yo‘lining 890-1204-kilometr oralig’idagi 314 km yo‘l bo‘yida 2800 gektar maydonda 1 million 150 ming donaga yaqin saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekish rejalashtirilgan.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida yashil hududlarni kengaytirish va ekologik holatni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilib, o‘tgan yillar davomida Orol dengizining qurigan maydonlarida “Yashil qoplamalar” yaratish maqsadida jami 1,8 mln. gektar maydonga saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklar ekildi. Bunday ezgu ishlar bugungi kunda ham qizg’in davom ettirilmoqda. Joriy yilda belgilangan «Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili» bu boradagi chora-tadbirlar ko‘lamini yangi bosqichlarga olib chiqishga mustahkam zamin bo‘ladi.