
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini barchamiz katta qiziqish va hayajon bilan kuzatdik. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu Murojaatnoma chin ma’noda ertangi kunimizni belgilovchi mezon sifatida barcha sohalar rivojiga xizmat qilishi shubhasiz.
2023 yilga yurtimizda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb nom berilishida ham katta ma’no bor. Ya’ni, O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, aslida ham bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogo‘y ota-onalarimiz, navqiron avlodimizdir.
Davlatimiz rahbari Murojaatnoma avvalida mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘yayotgani, hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz berayotganini alohida ta’kidladilar.
Jumladan, yakuniga yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi. Mana shunday sinovlardan xalqimiz talafotsiz chiqa oldi.
Prezidentimiz o‘z navbatida mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerakligiga alohida urg‘u berdi.
Jumladan, «Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat» degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerakligi aytildi. Chunki bugungi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo‘lmaydigan xavf-xatarlarni yengib o‘tish uchun milliy davlatchiligimiz asoslari mustahkamlanishi zarur.
Murojaatnomada birinchi navbatda e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi barchamizni xursand qildi. Endilikda o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish Konstitutsiyada alohida belgilanadigan bo‘ldi.
Agar e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu taklif yillar sinovidan o‘tgan va aniq maqsadlarni ko‘zlaganini ko‘rish mumkin. Chunki Prezidentimiz ta’limga e’tiborni kecha yoki bugun emas, balki Davlat rahbari sifatidagi faoliyatining ilk yillaridanoq boshlagan edilar.
Jumladan, qanchalik qiyin va mashaqqatli hamda katta mablag‘ talab qilsa-da, mamlakatimizda Prezident maktablari tashkil etildi. Bu jarayon esa tizimli ravishda kengayib bormoqda. Bugunga kelib esa Prezident maktablari hamda barcha ixtisoslashtirilgan maktablar ana shu ilg‘or ta’lim texnologiyasi asosida tizimli ishlamoqda. Tabiiyki, shunga monand tarzda o‘quv metodikalari va darsliklar ham yangilab borilmoqda.
E’tiborlisi, Murojaatnomada bu ishlar yana davom ettirilishi hamda kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Rostdan ham, farzandlarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqsa, nafaqat mamlakatda, balki xalqaro darajada raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishadi.
Murojaatnomada ta’limdagi yana bir masalaga to‘xtalib, farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirish dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi. Har birimizni xursand qiladigan jihat – ta’limdagi islohotlar yana izchil davom etadi. Ya’ni, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanishi aytib o‘tildi.
Ta’limni isloh qilish faqat sifatli darslik va yangi metodikalar bilan amalga oshadigan vazifa emas. Buning uchun avvalo qulay shart-sharoit, moddiy-texnik baza zarur. Zero, bugun aholi o‘sishi barobarida maktablarda qo‘shimcha o‘rinlarga ehtiyoj paydo bo‘lmoqda. Shu bois Prezidentimizning kelasi yili 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 tasi kengaytirilishi haqidagi fikrlari barcha ota-onalarning yurak-yuragidagi, qalb to‘ridagi xohish-istaklari ifodasi bo‘ldi. Shu bilan birga, xususiy investitsiyalar ishtirokida
100 ta maktab qurish loyihalari boshlanishi, kelasi besh yilda ularning soni 1 mingtaga yetkazilishi esa sohada sog‘lom raqobat yuzaga kelishiga xizmat qiladi.
Murojaatnomadagi yana bir nuqta barchamizga yuqori kayfiyat bag‘ishladi. Xabaringiz bor, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgandi. Murojaatnomada kelgusi o‘quv yilidan qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham bu amaliyot joriy etilishi ma’lum qilinganda barchamiz quvondik. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan har bir taklif chuqur o‘ylangan, aniq maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan e’tiborimizni tortdi.
Jumladan, ta’lim tizimida har qancha qiyin bo‘lsa-da, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlanish amaliyotini yo‘lga qo‘yilishida ham chuqur ma’no mujassam. Ya’ni, sifatli ta’limga erishishda malakali pedagog kadrlar, zamonaviy darsliklar, ilg‘or metodika, qulay sharoitdan tashqari, eng muhimi, o‘quvchilarning sog‘lom va iligi to‘liq bo‘lishidir.
Bu haqda gapirganda xalqimizning “Bo‘sh qop tik turmas”, naqlini eslashning o‘zi yetarli. Ya’ni, o‘quvchi mavzularni yanada ishtiyoq bilan o‘zlashtirishi uchun to‘yib ovqatlanishi zarur. Ayniqsa, barcha bilimlarning poydevori hisoblangan boshlang‘ich sinflarda bu o‘ta muhimdir. Zero, iligi to‘liq bolaning aqli to‘liq bo‘ladi. Shu nuqatai nazardan bugun barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqatlantirilishi chuqur o‘ylangan qaror, deyish mumkin.
Murojaatnomada ta’lim tizimidagi yana bir og‘riqli masalaga to‘xtalib o‘tilib, maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani hammamizni o‘ylantirishi kerakligi aytildi.
Quvonarli jihati, bu bo‘yicha ham Murojaatnomada aniq yechim ko‘rsatildi. Unga ko‘ra 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish maqsadida 2023 yildan boshlab yangi dastur amalga oshiriladi. Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi. Kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Prezidentimiz aytib o‘tganidek, bu tizim bizda hozirgacha bo‘lmagan. Qisqa qilib aytganda, yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimi yaratiladi.
O‘z navbatida bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinishi ham, bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi ham yuqoridagi fikrlarning mantiqiy davomidir.
Kelgusi yilda oliygohlar uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratiladi.
Shu o‘rinda Abu Nasr Forobiyning “Insonda go‘zal fazilatlar ikki yo‘l bilan, ta’lim va tarbiya yo‘li bilan hosil qilinadi”, degan hikmatli so‘zlarini eslash joiz.
Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim islohotlari oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadimiz – O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri yaratilishiga xizmat qiladi.
Maryam ABDUKARIMOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligining
Toshkent shahar filiali bosh inspektori