
Joriy yilning 26 sentyabrida Venada Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) yillik Bosh konferensiyasining 66-sessiyasi o‘z ishini boshladi.
“O‘zatom” agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, unda 175 ta Atom energiyasi xalqaro agentligi (MAGATE) ishtirokchi davlatlari vakillari qatorida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Delegatsiya “O‘zatom” agentligi, Fanlar akademiyasi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutaxassislaridan iborat bo‘lib, ular Atom energiyasi xalqaro agentligi faoliyati va mazkur sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ladi.
Ta’kidlash kerakki, Bosh konferensiya Atom energiyasi xalqaro agentlikning asosiy rahbarlik organi hisoblanadi. Konferensiya yakunida esa AEXA faoliyatining eng asosiy masalalari borasida tegishli qarorlar qabul qilinadi. Shuningdek, Bosh konferensiya doirasida umumiy muzokaralar o‘tkaziladi va unda delegatsiya rahbarlari o‘zlarining dasturiy chiqishlari bilan ishtirok etadi.
O‘z navbatida, Bosh konferensiya bilan bir qatorda AEXA doimiy ravishda yadro texnologiyalari va fanga bog‘liq bo‘lgan ilmiy forumlarni tashkil etadi. Mazkur forumlar Vena xalqaro markazida Bosh konferensiya tadbirlari bilan bir vaqtda o‘tkaziladi.
Ushbu xalqaro tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi AEXA rahbarlari, ishtirokchi mamlakatlar va atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasida hamkorlikni amalga oshirish masalasida ma’sul bo‘lgan kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi.
AEXA yillik Bosh konferensiyasining 66-sessiyasi 30 sentyabrga qadar davom etadi
O‘zA



